“Xokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish jinoyatining oldini olish choralari”

Barchamizga ma’lumki insonning huquqlari, erkinliklari va burchlari oliy qadriyat hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.

Bugungi mavzuimiz “Xokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish jinoyatining oldini olish” bo‘lib, ushbu jinoyat Termiz shahrida 2020 yilga nisbatan 2021 yilga 300% o‘sganligini kuzatish mumkin.

Ushbu moddaning maqsadi huquq-tartibot va ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi jamiyatda fuqarolar rioya etishi majbur bo‘lgan muayyan tartibni belgilab beradi. SHu munosabat bilan ba’zi bir mas’ul mansabdor shaxslarga, xususan hokimiyat vakillariga majburiy ko‘rsatmalar berish bo‘yicha muayyan vakolatlar berilgan.

Jamiyat va davlat manfaatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, jamoat birlashmalarining bir me’yorda faoliyat yuritishi, hokimiyat vakili yoki o‘zining fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsning shaxsiyati hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish ob’ekti hisoblanadi.

Ob’ektiv tomondan jinoyat xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etiladi. Qarshilik ko‘rsatish faol yoki passiv shakllarda bo‘lishi mumkin. Qonun mazmuniga ko‘ra, faqatgina faol qarshilik ko‘rsatish jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

Faol qarshilik ko‘rsatish jismoniy zo‘rlik ishlatish yoki shunday zo‘rlikni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Jismoniy qarshilik ko‘rsatish shaklida amalga oshiriladigan faol qarshilik ko‘rsatish o‘zining xizmat yoki fuqarolik majburiyatlarini bajarayotgan shaxslarning badaniga qasddan shikast etkazish, urish, do‘pposlash, bog‘lash, qamab qo‘yish yoki ularning erkinligini boshqacha usulda cheklab qo‘yish.

Agar qarshilik ko‘rsatish jarayonida jabrlanuvchiga o‘rtacha og‘irlikdagi yoki og‘ir tan jarohati etkazilgan bo‘lsa, aybdorning qilmishini jinoyatlar majmui bo‘yicha JK 219-moddasi 1-qismi va JK 105-moddasi yoki 104-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

Zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish deganda, aybdorning o‘zining xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga nisbatan real jismoniy majburlov o‘tkazish niyatini bildiruvchi so‘zlari va harakatlari tushuniladi.

Agar aybdor o‘ldirish yoki kuch ishlatish bilan qo‘rqitayotgan bo‘lsa, uning harakatlarini jinoyatlar jami bo‘yicha Jinoyat kodeksining
112-moddasi va 219-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish lozim.

Hokimiyat vakili davlatning biron-bir hokimiyat organining nomidan ish ko‘rib, muayyan vazifalarni doimiy yoki vaqtincha amalga oshiruvchi va o‘z vakolatlari doirasida ko‘pchilik yoxud barcha fuqaro yoki mansabdor shaxslar uchun majburiy bo‘lgan harakatlarni sodir etish yoki farmoyishlar berish huquqiga ega bo‘lgan shaxs.

219-modda mazmuni bo‘yicha hokimiyat vakillari qatoriga ijro etilishi majburiy bo‘lgan qonuniy ko‘rsatmalar berish huquqi berilgan mas’ul mansabdor shaxslar kiritiladi. Bular huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi organlar xodimlari: prokurorlar, ichki ishlar xodimlari, MXX, soliq xizmati xodimlari va hokazo, shuningdek, qonunga asosan, huquq-tartibotni qo‘riqlash bo‘yicha asosiy yoki qo‘shimcha vazifalarni amalga oshiruvchi shaxslardan iborat. Bu sababga ko‘ra, hokimiyat vakili hisoblanmaydigan mas’ul mansabdor shaxsga qarshilik ko‘rsatish, agar u o‘z fuqaroviy burchini bajarmayotgan bo‘lsa, sharhlanayotgan jinoyat tarkibini tashkil etmaydi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi bu qonunda belgilangan tartibda quyidagi vazifani bajaruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi: prokuror; tergovchi; surishtiruvni amalga oshiruvchi shaxslar; tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar; jamoat tartibini muhofaza qilishni va ijtimoiy xavfsizlikni, sud (sudyalar)ning hukmlari, ajrimlari, qarorlari, tergov organlari va prokuror qarorlarining ijrosini   ta’minlashni amalga oshiruvchi ichki ishlar organi xodimi; Milliy xavfsizlik xizmati organi xodimi; soliq huquqbuzarliklari bo‘yicha departament xodimi; sud ijrochisi; bojxona xizmati xodimi, shuningdek, qonun bo‘yicha huquq-tartibotni muhofaza qilish asosiy yoki asosiy vazifalardan biri hisoblanuvchi organlarda xizmat vazifasini bajaruvchi boshqa shaxslar.

Hokimiyat vakillari funksiyalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jazoni ijro etish muassasalari xodimlariga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq qilmish tegishli belgilar bo‘lgan hollarda JK 220-moddasi yoki 221-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.

Fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxs deganda, davlat hokimiyati yoki boshqaruv organlari, jamiyatga yordam berayotgan, o‘zining konstitutsiyaviy yoki boshqa qonuniy majburiyatlarini bajarayotgan har qanday shaxs tushuniladi. Boshqacha aytganda, fuqarolik burchini bajarish, bu  fuqarolar tomonidan qonun va jamiyat, davlat va boshqa shaxslarning manfaatlari doirasida har qanday harakatlarni amalga oshirish. Ko‘p hollarda o‘zining fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslar jabrlanuvchi bo‘lib qoladi va qonunga asosan shunday shaxs deb tan olinadi.

Hokimiyat vakili yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsning xizmat majburiyatlari huquqiy tartibot va ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash va himoya qilishga qaratilganligi sababli, hokimiyat vakilining ko‘rsatmasi yoki fuqaroning harakati qonun va huquq doirasida bo‘lishi lozim. Mazkur xizmat majburiyatlari hokimiyat vakillariga tegishli qonun hujjatlarining alohida toifasidan kelib chiqadi.

Jamoat tartibini qo‘riqlash bo‘yicha faoliyat nomuayyan shaxslar doirasi manfaatlariga taalluqli huquqbuzarliklar (shu jumladan jinoyatlar)ning oldini olish va ularga qarshi kurashishga (ko‘chada, maydonlarda, bog‘larda, transport magistrallarida, vokzallarda, aeroportlarda va boshqa joylarda jamoat huquq-tartibotini ta’minlashga, pasport tizimi bo‘yicha  belgilangan qoidalarga rioya etilishini nazorat qilishga, huquqbuzarliklar sodir etilishiga ko‘maklashuvchi vaziyatlarni aniqlash  va hokazolarga) qaratilgan qonuniy faoliyat.

Ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyat nomuayyan shaxslar doirasi hayotiy muhim manfaatlarining turli tahdidlardan zaruriy himoyalanganlik darajasini saqlab turishga (nochor yoki boshqacha holatda qolgan, hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolganlarga yordam ko‘rsatishga, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishga, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar bilan muomala qilish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish va hokazolarga) yo‘naltirilgan qonuniy faoliyat.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, hokimiyat vakili yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxs faoliyatining qonuniyligi va haqqoniyligi sharhlanayotgan jinoyat ob’ektiv tomonining zaruriy belgisi hisoblanadi.

Haqqoniylik deganda, huquq sub’ekti faoliyati yoki faoliyat natijalarining ijtimoiy hayot hodisalariga mos bo‘lishi tushuniladi. Haqqoniylik nafaqat huquq sub’ektlarining yurish-turishida, balki huquqni qo‘llash hujjatlarida ham ifodalanadi. Haqqoniylik huquq ko‘rsatmalaridan biror-bir tarzda chekinmaslikni nazarda tutadi. Uning aksi huquqqa xiloflilik hisoblanadi.

Jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun quyidagilarni aniqlash lozim:

-birinchidan, qarshilik ko‘rsatish xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga yo‘naltirilganligini;

-ikkinchidan, qarshilik ko‘rsatish xizmat vazifasi yoki fuqarolik burchini ijro etish vaqtida sodir etilganligini aniqlash.

Mazkur holatlar aniqlangandan keyingina aybdorning qilmishi JK 219-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Qonunga xilof harakatlarni amalga oshirayotgan hokimiyat vakili yoki shaxsga qarshilik ko‘rsatish jinoyat deb topilmaydi.

Hokimiyat vakillari va fuqarolarning aynan qonuniy harakatlari jinoyat-huquqiy jihatdan himoyalanadi.

Jinoyat xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish boshlangan vaqtdan boshlab, oqibat kelib chiqishidan qat’i nazar, tugallangan hisoblanadi. Bunda qarshilik ko‘rsatish natijasida xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxs hayoti yoki sog‘lig‘iga shikast etkazilgan yoki boshqa ijtimoiy xavfli oqibatlar kelib chiqqan hollarda, aybdorning qilmishi jinoyatlar majmui sifatida kvalifikatsiya qilinadi.

Jinoyatning sub’ektiv tomoni aybning qasd shakli bilan tavsiflanadi. Qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish faqat to‘g‘ri qasd shaklida sodir etilishi mumkin.

Aybdor shaxs xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatayotganligini anglaydi va buni xohlaydi.

Xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatayotganligini anglamagan shaxs tomonidan bunday qarshilik ko‘rsatishning sodir etilishida mazkur jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaydi.

O‘n olti yoshga to‘lgan aqli raso shaxs jinoyat sub’ekti hisoblanadi.

JK 219-moddasi 2-qismi xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxslarni qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.

Mazkur moddaning sharhlanayotgan qismidagi jinoyat ob’ektiv tomondan birinchi qismda nazarda tutilgan qilmishdan bir qator o‘ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladi. Agar moddaning 1-qismiga ko‘ra, javobgarlik xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish uchun belgilansa, 2-qismida esa mazkur shaxslarni qanday shaklda bo‘lmasin, o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilgan shaxs javobgarlikka tortiladi.

Majburlash bu hokimiyat vakili yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga nisbatan ularni o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish yoki majburlovchi shaxs foydasiga noqonuniy harakatlar sodir etishga erishish maqsadida jismoniy yoki ruhiy ta’sir etish. Qarshilik ko‘rsatishda qo‘llaniladigan jismoniy majburlashdan farqli ravishda majburlash vaqtida qo‘llaniladigan kuch ishlatish boshqa maqsadni ko‘zlaydi.

Majburlash vaqtida qo‘llaniladigan jismoniy zo‘rlik ishlatish deganda, jismoniy azob beradigan hamda jabrlanuvchining irodasiga xilof ravishda uning jismoniy erkinligini cheklaydigan harakatlar sodir etish, shuningdek, urish, do‘pposlash va boshqa harakatlar orqali shaxs badaniga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast etkazish tushuniladi.

Ruhiy majburlash deganda, aybdor tomonidan so‘z yoki o‘zining niyatini boshqacha shaklda ifodalash orqali hokimiyat vakili yoki o‘zining fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga ma’naviy zarar etkazish, uning qonuniy huquq va manfaatlariga zarar etkazish tushuniladi. Agar hokimiyat vakili yoki o‘zining fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga nisbatan kuch ishlatish natijasida ularga og‘ir tan jarohati etkazilsa, aybdorning harakatlari jinoyatlar jami bilan kvalifikatsiyalanishi lozim. Zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish majburlash tushunchasi doirasiga kirganligi sababli aybdorning qilmishi JK 112-moddasi bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikitsiya qilinmasligi lozim.

Majburlashning maqsadi xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxslar tomonidan majburlovchi foydasiga noqonuniy harakatlar sodir etilishiga erishish maqsadida ularga ta’sir o‘tkazish hisoblanadi.

Xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxslarning majburlovchi foydasiga noqonuniy harakatlar sodir etishlari va bevosita qonuniy vakolati doirasiga kiruvchi majburiyatlarni bajarmasligi hokimiyat vakilining xizmat vazifasini bajarish yoki shaxsning fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishi hisoblanadi.

 Hokimiyat vakili va shaxsga nisbatan kuch ishlatish bilan mazkur shaxslar tomonidan o‘zining xizmat vazifalarini bajarish o‘rtasida sababiy bog‘liqlanishning mavjudligi JK 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan qilmish ob’ektiv tomonining zaruriy belgisi hisoblanadi.

Xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxslarni qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilishga yo‘naltirilgan majburlov harakatlari sodir etilgan vaqtdan boshlab, oqibat kelib chiqishidan qat’i nazar, jinoyat tugallangan hisoblanadi.

Sub’ektiv tomondan JK 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Bunda xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxslarni qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilishga yo‘naltirilgan maxsus maqsadning mavjudligi jinoyat sub’ektiv tomonining zaruriy belgisi  hisoblanadi.

O‘n olti yoshga to‘lgan har qanday shaxs jinoyat sub’ekti bo‘lishi mumkin.

Kelgusida ushbu turdagi jinoyatni oldini olish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘ini va hududlardagi profilaktika inspektorlari tomonidan keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish maqsadga muvofiqdir.

Jamshid Xursandov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi sudyasi

                                                                                  Asqar Qudratov

Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bo‘yicha bosh konsultanti