KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH USULLARI

Korrupsiya bu — jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalarga ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.
Biz quyida korrupsiyaning tarixiy ildizlariga va unga qarshi kurashish xususida fikr yuritmoqchimiz.

Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.

Ushbu illatni tadqiq qilgan bir qator yirik mutaxassislar quyidagi faktorlarni korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida ko‘rsatadi.
Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar — ushbu vaziyat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, ma’muriy qonunchilikdagi sanksiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Ya’ni, sanksiyaning aniq miqdori yo‘qligi sudyada uni o‘z hohishiga qarab qo‘llashga sharoit yaratib beradi.

Aholi huquqiy savodxonligining pastligi — aholi tomonidan qonunlarni 
bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.
         Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi — mamlakatdagi notinchlik 
birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning 
asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bog‘liq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtainazar shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga qulay sharoit 
yaratadi.
         Ijro hokimiyatining birligi tamoyilinining buzilishi — aynan bitta 
faoliyatning turli instansiyalar tomonidan tartibga solinishi:
           aholining davlatni nazorat qilishdagi sust ishtiroki;
           davlat sektoridagi xizmat qilayotgan xizmatchilar daromadlarining xususiy sektorda topish mumkin bo‘lgan daromadlardan kamligi;
           iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi;
inflyasiyaning yuqori darajasi;
          mamlakat yuqori boshqaruv organlarining aholidan uzilib qolganligi;
mamlakatdagi diniy va axloq qoidalari.

Jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning quyidagi usullari mavjud.
        Ichki nazorat – bu usul boshqaruv apparatining o‘zida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar (har xil ichki inspeksiyalar va boshqa nazorat organlari tuzish orqali) yaratishni taqazo etadi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket  oidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir. Hozirgi kunda bizning yurtimizda ham bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida aynan shu vazifani bajaruvchi ichki tuzilmalar yaratilgan. Tashqi nazorat — bu usulda ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning mustaqilligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Ya’ni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berish va h.k.

Saylov tizimi orqali kurashish — demokratik davlatlarda saylangan vakillarni korrupsiya uchun jazolashning asosiy usullaridan biri keyingi saylovlarda unga ovoz bermaslik hisoblanadi. Korrupsiyaga saylovlar orqali ta’sir o‘tkazish eng samarali usul hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi. Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan.

Sobirjon Kadirov

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi