MEHNAT SOHASIDAGI QONUNCHILIKNING MAQSADI

So‘nggi yillarda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar natijasida mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi ortib boryapti. Iqtisodiyotimizga yangi tarmoq va yo‘nalishlar kirib keldi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ish beruvchilar soni keskin oshdi, mehnat munosabatlariga nisbatan yangicha yondashuvlar yuzaga keldi. Hatto jismoniy shaxslarga ham ish beruvchi maqomi berildi.

Mehnat sohasidagi qonunchilikning maqsadi — xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini, ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yakka mehnat va ijtimoiy munosabatlarda muvozanat va muvofiqlikni ta’minlash asosida tartibga solishdan iborat. Ushbu faoliyat bilan bog‘liq barcha munosabatlarni Mehnat kodeksi tartibga soladi. Shu ma’noda, Prezidentimiz o‘tgan yil 28 oktyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun bu borada o‘z yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar yechimini topishda muhim dasturulamal bo‘ldi.

Xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ham fuqarolarning mehnat sohasidagi huquq va manfaatlarini munosib himoya qilishga qaratilgan yangi normalar kiritildi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi, homiladorlik yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi shular jumlasidan.

Yana bir muhim masala. Bosh qonunimizning 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi belgilab qo‘yildi. Bu ham yangi Mehnat kodeksi normalariga bevosita uyg‘unligi bilan ahamiyatli.

Keyingi yillarda hayotimizga ko‘plab yangi mehnat munosabatlari kirib keldi. Jumladan, o‘zini o‘zi band qilish, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Pandemiya sharoitida masofaviy ish usuli joriy qilindi. Bularning barchasi mehnat bozorida odamlarning huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha yangi islohotlarni amalga oshirishni taqozo etdi.

Aytish joizki, yangi Mehnat kodeksi avvalgi kodeksdan hajm jihatdan 2,5 barobar katta bo‘lib, unga amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan ko‘plab yangi normalar kiritildi. Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida muhokama qilinishi jarayonida ko‘plab muhim masalalar e’tiborga olindi. Bu boradagi ishlar faqat deputatlar yoki davlat organlari mas’ullari bilan emas, balki jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlar, kasaba uyushmalari vakillari, olimlar, ekspertlar ishtirokida amalga oshirildi. Ish beruvchilar, xususiy sektor vakillarining takliflari ham inobatga olindi.

Mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatda ayollarning ham mehnat huquqlarini ta’minlovchi, ularning ijtimoiy himoyasini kafolatlovchi qator normalar kiritilgan. Jumladan, ayollarga oid masala kodeksning 30 ta moddasida keltirib o‘tilgan bo‘lib, “ayol” va “ayollar” jumlalari 64 marotaba ishlatilgan.

Xalqaro mehnat tashkilotining “Bir xil qiymatdagi mehnat uchun erkaklar va ayollarni teng rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 100-son konvensiyasiga muvofiq, kodeksning 244-moddasida teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lanishini ta’minlash lozimligi belgilab qo‘yilmoqda.

Umuman olganda, ushbu hujjatda belgilangan vazifalar fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, tashkilotlarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Uning hayotga samarali tatbiq etilishini ta’minlash esa parlament zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Demak, kodeksdagi yangi normalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, targ‘ib qilishda zamonaviy usul va uslublardan samarali foydalanishimiz zarur. yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash natijasida ish beruvchida yuzaga kelgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqiqiy zarar uchun moddiy javobgarlikka tortish, ichki hujjatlarni qabul qilish belgilandi. Bundan tashqari, yana bir yangi norma — o‘z manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida ish beruvchilar birlashmalarini tashkil etish hamda ularga a’zo bo‘lish huquqi ta’minlandi. Avvalgi Mehnat kodeksida ish beruvchi korxonani boshqarish va o‘z vakolatlari doirasida mustaqil qarorlar qabul qilish, qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish, mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni lozim darajada bajarishni xodimdan talab qilish hamda o‘z manfaatlarini himoyalash uchun boshqa ish beruvchilar bilan birga jamoat birlashmalari tuzish va bunday birlashmalarga a’zo bo‘lish huquqi ko‘rsatilgan edi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yangi Mehnat kodeksi xodimlar mehnat huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bilan birga, ish tanlash, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarida ishlash, ishsizlikdan himoyalanishda davlat kafolatini ta’minlash imkonini beradi. Qolaversa, ish beruvchilarning kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va samarali mehnat jarayonini tashkil etish sohasidagi huquqlari amalga oshirilishini ta’minlashga, ijtimoiy sheriklikni rag‘batlantirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.

RAMZ TILLAYEV

Fuqarolik ishlari bo’yicha Termiz tumanlararo sud sudyasi