“O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni bartaraf etishning huquqiy asoslari”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga muvofiq xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir.

Yakka tartibda uy qurish fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi va davlat yakka tartibdagi uy-joy qurilishiga er uchastkalarini ajratish, uy qurishga ssuda va kreditlar berish yo‘li bilan har taraflama ko‘maklashadi.

Uyga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq nizolarga doir ishlarning to‘g‘ri hal etilishi fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda yakka tartibda uy qurishning belgilangan tartibiga qat’iy rioya etilishini ta’minlashda, muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan er uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

Xo’sh, sud amaliyotida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni bartaraf etishning qanday huquqiy asoslari bor degan savol tug‘ilishi tabiiy.  

Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratib berilgan er uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi, shu jumladan ana shunday uyga nisbatan oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, meros olish bilan, shuningdek uyni bo‘lish bilan bog‘liq da’volar, o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs yoki boshqa manfaatdor shaxs tomonidan taqdim qilinganidan qat’i nazar, sudlarga taalluqli emas.

Bunday da’volar bilan arz qilinganda, sud arizani qabul qilishni rad etadi, agar ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa ish yuritishni tugatadi va arizachiga ushbu talab bilan tegishli hokimiyatga murojaat qilish huquqini tushuntiradi.

Ayni vaqtda shuni ham nazarda tutish zarurki, qonun o‘zboshimchalik bilan uy qurgan shaxsning va boshqa manfaatdor shaxsning da’volari, agar talab mulk huquqi bilan bog‘liq bo‘lmagan, xususan qurilish materiallariga bo‘lgan huquqni e’tirof etish, uyga ko‘chirib kiritish, uydan foydalanish tartibini belgilash to‘g‘risida berilgan bo‘lsa, sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishini istisno etmaydi.

Sudlar ishni ko‘rishda uyga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi dalillarni (qurilgan uyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, oldi-sotdi, hadya shartnomasi va shu kabilarni), uyning va er uchastkasining rejasini taqdim etishni taraflarga taklif qiladi yoki o‘z tashabbusi bilan ularni talab qilib oladi.

Shuningdek, belgilangan tartibda ajratib berilgan er uchastkasida qurilgan yangi uyga bo‘lgan mulk huquqi Fuqarolik kodeksining 210-moddasiga asosan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran vujudga keladi.

Uy qurilishi tamom bo‘lguniga va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilguniga qadar uy mahalliy hokimiyat organlarining ruxsatisiz boshqa shaxsga berilishi mumkin emas.

Uyni birgalikda qurayotgan er-xotinning, imorat soluvchining oila a’zolarining, shuningdek merosxo‘rlarning da’vosiga ko‘ra sud qurilishi tugallanmagan uyni, agar uning bitay deb qolganlik darajasini inobatga olib, alohida qilib ajratib berish mumkin bo‘lgan qismlarini keyinchalik ularning mazkur shaxslar tomonidan qurilishi oxiriga etkazilishi texnik imkoniyatlari mavjudligidan kelib chiqqan holda aniqlash mumkin bo‘lsa, bo‘lishga haqli.

Hokimiyat o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan er uchastkasini da’vogarga ajratishni rad qilgan taqdirda, sud huquq to‘g‘risida nizo mavjudligi sababli da’vogarga rad etish haqidagi qaror ustidan ma’muriy sud orqali nizolashishga haqli ekanligini tushuntiradi.

Da’vogarning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan er uchastkasini ajratishni rad qilish haqidagi hokimiyat qarorini g‘ayriqonuniy deb topish haqidagi da’vosi hamda hokimiyatning ushbu o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzish haqidagi da’vosi birgalikda ko‘rib chiqilishi ham mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan tegishli tuman hokimining qarori asosida mulk huquqini qonuniy asoslarda qo‘lga kiritishi, kadastr idorasi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, mulkdor o‘z huquqlarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi, har kim qonuniy asoslarda mulkdor bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Djumanazar Babatov

Surxondaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi

Asqar Qudratov

Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bo‘yicha bosh konsultanti