“Til- millat ko’zgusidir”

Til-muqaddas va e’zozlangan tushuncha, har bir inson uchun o‘z onasi kabi aziz va mo‘‘tabar.

Inson o‘z ona tili yordamida yangi tushunchalar va munosabatlarni anglay boshlaydi. Ona tili bizga ona suti bilan singdiriladi.

Dunyoning barcha davlatlari o‘z ona tillarini asrab-avaylashga intilishadi, shuning uchun har qanday davlat o‘zining madaniy merosi va ona tilini alohida hurmat qiladi.

Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z ona tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.

Shundagina tilning, millatning qadri va obro‘yi, nufuzi oshadi.

Yuqori rivojlangan davlatlar darajasiga erishish uchun O‘zbekiston fuqarolari xalqaro tillarni bilishlari mumkin, lekin shuni unutmaslik kerakki, o‘zbek tili dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan. Har bir O‘zbekiston fuqarosi davlat tilini bilishi shart. Xech kim hech qachon o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmatni yo‘qotmasligi kerak. Tilga hurmat-bu xalqqa hurmat.

O‘zbek tilining Vatanimizda davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari qonunan belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni uch tamoyilga: umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga  asoslanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘yi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanilayotganligi buning yaqqol dalilidir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini oshirish borasida har bir sohada nihoyatda muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sud tizimida ham sud binolarining peshlavhalari, binoning ichki va tashqi yozuvlari to‘liq lotin alifbosida bo‘lishi, ijtimoiy tarmoqdagi barcha sahifalar davlat tilidagi qonun hujjatlariga amal qilinishi ta’minlangan.

Shu bilan bir qatorda, sud tizimida  sud hujjatlari matnini tayyorlashda til to‘g‘risidagi qoidalarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash maqsadida Termiz Davlat universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan  filologlarni taklif qilgan holda sudyalar hamda sud xodimlari bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, til-jamiyatning asosiy tayanchi, insoniy muloqot-munosabatlarning birlamchi vositasidir.

Shunday ekan, tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomini yuksaltirish hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qoladi.

Dilorom Almuratova

        Surxondaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi

Asqar Qudratov

Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bo‘yicha bosh konsultanti