Prezidentlikka nomzodga qo‘yiladigan talablar: O‘zbekistonning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar.

Mamlakatimizda davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan tub islohotlarning ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlarini har tomonlama va keng ta’minlashdan iborat.

Amalga oshirilayotgan tizimli va dadil islohotlar samarasida milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirilib, fuqarolar o‘z xohish-irodasini yanada faolroq va erkinroq ifoda etishi uchun kafolatlar kengaytirilmoqda.

So‘nggi besh yilda erkin va adolatli saylovlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, takomillashtirish va rivojlantirish borasida ulkan amaliy tajriba to‘plandi. Bu  Prezident saylovi bilan bog‘liq qonunchilik normalari va talablarida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan.

Xalqaro talablar va milliy qonunchilik

Konstitutsiyamizning 1-moddasiga asosan O‘zbekiston – suveren demokratik respublika. Demokratik respublikada  davlat hokimiyati organlari, xususan, Prezident davriylik asosida o‘tkaziladigan saylovlarda muayyan muddatga saylanadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida,  Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning
25-moddasida davriylik prinsipi asosda saylovlar o‘tkazish,  
Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasining Kopengagen kengashi hujjatining 7.1, 7.7-bandlariga asosan xalq irodasi davlat hokimiyatining asosi bo‘lib xizmat qilishi uchun ishtirok etuvchi davlatlar qonunda belgilanganidek oqilona vaqt oralig‘ida erkin saylov o‘tkazishi belgilangan. Evropa Kengashining Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga oid yo‘l yo‘riq tamoyillarda ham saylovlar davriylik prinsipi asosda muntazam o‘tkazilishiga oid tamoyil belgilangan. Ya’ni oqilona vaqt oralig‘ida saylov o‘tkazish – demokratiyaning muhim belgisi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Ushbu besh yillik muddat jahondagi umumiy tendensiyaga mos bo‘lib, BMTga a’zo 193 mamlakatdan 95 tasida davlat rahbarlari 5 yil muddatga saylanadi. Fransiya, Germaniya, Vengriya, Gretsiya, Hindiston, Slovakiya, Sloveniya,  Janubiy Koreya kabi mamlakatlarni bunga misol keltirish mumkin.

Milliy qonunchiligimizda Prezidentlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar jahon standartlariga to‘la mos. Saylovlarga oid yo‘l yo‘riq tamoyillarda  umumiy saylov huquqi muayyan shart-sharoitlarga ko‘ra cheklanishi mumkinligi qayd etiladi. Bunday cheklovlar sifatida yosh, fuqarolik, mamlakat hududida muayyan vaqt yashash muddati (o‘troqlik), jiddiy huquqbuzarlik uchun hukm qilinganlik kabilar ko‘rsatib o‘tilgan.

Konstitutsiyaviy qurilishning xalqaro amaliyotida davlat rahbarining vakolat muddatini cheklash instituti mavjud.

Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Prezident bo‘lishi mumkin emasligiga oid qoida birinchi marta dunyo konstitutsionalizmida AQSH Konstitutsiyasiga yigirma ikkinchi tuzatish bilan 1947 yil 21 martda kiritilgan.

Jahonda davlat rahbarlari vakolat muddatlarini cheklashning besh turi bo‘lib, ular:

-umuman cheklovning yo‘qligi: Ozarboyjon, Belarus, Boliviya, Islandiya, Italiya, Kipr, Kosta-Rika (cheklovchi qoidalar yo‘q), Venesuella (cheksiz qayta saylanish uchun maxsus ruxsat beruvchi qoidalar mavjud);

-uzluksiz muddatlarni cheklash (maksimal muddatni o‘rnatmasdan): Peru, San-Marino, Urugvay, CHili, SHveysariya;

-muayyan muddatni o‘rnatish (ikki muddat): Albaniya, Jazoir, Vengriya, Gretsiya, Irlandiya, Kosovo, Makedoniya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Serbiya, Tunis, Turkiya, AQSH, Xorvatiya, CHernogoriya, Janubiy Afrika;

-muayyan uzluksiz muddatni belgilash (ikki muddat): Avstriya, Argentina, Armaniston, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Germaniya, Gruziya, Isroil, Qozog‘iston, Latviya, Litva, Moldova, Rossiya, Slovakiya, Sloveniya, Ukraina, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Estoniya;

-qayta saylanishning to‘liq taqiqlanishi: Janubiy Koreya, Malta, Meksika.

O‘zbekiston qonunchiligida  qayd etilgan uzluksiz muddatlarni belgilash (ikki muddat) turi mustahkamlangan.

Demokratik institutlarga asoslangan bu qoida mafkuralar va fikrlar xilma -xilligini, siyosiy plyuralizmni, hokimiyatni suiiste’mol qilishning oldini olish, o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimining samarali ishlashini, davlat hokimiyati tuzilmalarining vakolatlari muvozanatini va nihoyat, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim konstitutsiyaviy kafolati hisoblanadi.

Siyosiy-huquqiy adabiyotlarda saylanish huquqi passiv saylov huquqi deb nomlanadi. Saylov kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzodlar – passiv saylov huquqi talabgorlari quyidagi to‘rt talabga javob berishlari shart:

-birinchidan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmasligi (yosh senzi);

-ikkinchidan, davlat tilini yaxshi bilishi (til senzi);

-uchinchidan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan bo‘lishi (o‘troqlik senzi);

-to‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi (fuqarolik senzi).

Konstitutsiyada nomzodlarga bunday talablarning qo‘yilishi bejiz emas, albatta.

Masalan, Saylov kodeksining 4-moddasida mustahkamlangan umumiy saylov huquqining muhim prinsipi – nomzod o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmasligi talabidir. YA’ni, saylov kuni o‘ttiz besh yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi prezident lavozimiga saylanish huquqiga ega. Aynan mana shu yoshda inson aniq fuqarolik va siyosiy pozitsiyalarga, zarur hayotiy tajribaga, jamiyatda ma’lum e’tiborga va obro‘ga ega bo‘lgan shaxs sifatida har tomonlama shakllanadi.

Xorijiy mamlakatlar qonunlarida Prezidentlikka saylanuvchilarning yoshi turlicha: Kolumbiyada 30 yoshdan, Avstriya, AQSH, Braziliya, Meksika, CHili, Kipr, Indoneziya, Islandiya, Hindiston, Polsha, Rossiya, Portugaliyada 35 yoshdan,  Armaniston, CHexiya, Estoniya, Germaniya, Iroq, Moldova, Pokiston, Janubiy Koreya, Filippinda 40 yoshdan, Italiyada esa 50 yoshdan etib belgilangan.

Til bilgan – el biladi.

Konstitutsiyamizga muvofiq fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir.

Shu bilan birga, prezidentlikka nomzod davlat tilini yaxshi bilishi talabi belgilangan va bu to‘la asoslangan chinakam demokratik talab. Ma’lumki, davlat tili jamiyat va millatning asosiy ramzi hisoblanadi. Prezidentlikka nomzod o‘z mamlakati fuqarolarining dunyoqarashini, tafakkurini, xalqining orzu-umidlarini yaxshi anglaydigan va bunday intilishlarni davlat faoliyatida amalga oshira oladigan shaxs bo‘lishi kerak.

SHu bois Prezident bo‘ladigan shaxs xalq bilan erkin muloqot qila olishi, o‘z fikrini aholiga tushunarli tilda bayon etishi, davlat tilida yozilgan hujjatlar bilan mustaqil ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Nomzodlarga tilni bilish bo‘yicha talab MDHga a’zo oltita davlat (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina) konstitutsiyalarida qayd etilgan.

Xalq bilan hamnafaslik.

O‘troqlik senzi haqida. Ma’lumki, Konstitutsiya va Saylov kodeksida shunday talab qo‘yilganki, unga ko‘ra, bevosita saylovgacha kamida 10 yil respublika hududida muqim yashagan O‘zbekiston fuqarosi prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin. Nega aynan kamida o‘n yil degan savolga javob shuki, eng avvalo, mamlakat prezidenti taqdiri va hayoti o‘z xalqining taqdiri va hayoti bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan shaxs bo‘lishi lozim. O‘n yil – bu bir odam uchun xalq bilan hamnafas yashashi, mamlakat va uning mintaqalarining ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlanishining ahvoli va istiqbollarini yaxshi bilishi uchun etarli davr. Qolaversa, 10 yil – bu saylovchilar uchun nomzod bilan yaqindan tanishish va uning amaliy ishlari asosida erkin tanlov qila olish uchun zarur davr. SHuni ham aytish kerakki, 10 yillik o‘troqlik senzi – bu ko‘plab demokratik mamlakatlarning saylov amaliyotida eng ko‘p qo‘llaniladigan muddat hisoblanadi.

AQSH Konstitutsiyasiga binoan, prezidentlik saylovi paytida, AQSH Prezidenti lavozimiga nomzod 35 yoshda yoki undan katta, AQSHda tug‘ilgan hamda u erda so‘nggi 14 yil ichida doimiy yashagan bo‘lishi shart.

Davlat ishi  va siyosiy huquqlar.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi kerak degan talabga to‘xtalib o‘tsak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari ega. Bu borada faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham faol huquqqa, ya’ni saylash huquqiga, ham passiv huquqqga, ya’ni saylanish huquqiga ega.

 “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunning
4-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan o‘zaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yig‘indisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini e’tirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi.

Ayrim mamlakat­larda faqat tug‘ilish orqali fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslargina Prezident bo‘lib saylanishi mumkin. 

AQSH, Kolumbiya, Mo‘g‘iliston, Filippin, Finlyandiya shunday mamlakatlar sirasidan. Bu mamlakatlarda fuqarolikka keyinchalik ega bo‘lganlar Prezidentlikka saylanish huquqiga ega emaslar.

Ma’naviy-huquqiy talab.

SHuningdek, Saylov kodeksining 61-moddasiga muvofiq  qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydilar.

Xalqaro huquq amaliyotida bu qoidaga, birinchi navbatda,
ma’naviy-huquqiy talab sifatida qaraladi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimi g‘oyat yuksak  maqomga ega. Bu shaxs yurt taqdiri, shu mamlakatda hayot kechirayotgan millionlab odamlarning farovon hayoti uchun mas’uldir. Shuning uchun nomzod munosib
xulq-atvori, intizomi, mas’uliyati, oddiy hayotda ham, kundalik hayotda ham, davlat faoliyatida ham  qonunga bo‘ysunishda barchaga namuna bo‘lishi kerak.

SHuni ta’kidlashni istardimki, bu talab xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va tamoyillariga, demokratik mamlakatlarning saylov amaliyotiga to‘liq javob beradi.

Davlat rahbarinig umumiy va to‘g‘ridan – to‘g‘ri saylovi ko‘zda tutilgan Avstriya, Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kipr, Moldova, Turkiya, Tojikiston kabi mamlakatlarda   konstitutsiyalar va qonun hujjatlarida jinoyat sodir etganlik, shu jumladan og‘ir, o‘ta og‘ir yoki harbiy jinoyatlar uchun hukm qilinganlarning, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarning saylanish huquqini cheklash belgilangan.

Mamlakat konstitutsiyaviy qonunchiligida prezidentlikka nomzodga nisbatan boshqa talablar ham bor.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 61-moddasiga ko‘ra, diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan, shu sababali diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi. SHuningdek, davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmagani kabi diniy tashkilotlar va ularning xizmatchilari ham davlat siyosatiga aralashmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga e’tiqod qilish, ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan ko‘ngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy o‘quv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar) diniy tashkilotlar deb e’tirof etiladi.

Diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari – diniy tashkilotlarda mehnat shartnomalari (kontraktlari) bo‘yicha ishlayotgan fuqarolardir. Ular o‘z xizmat vazifasiga ko‘ra ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni ado etish bilan maxsus shug‘ullanadilar. Bunday shaxslarning nomzod etib ro‘yxatga olinmasligi ular egallab turgan kasbning o‘ziga xosligidan kelib chiqadi.

Bundan diniy xizmatchilarning huquqlari buzilgan deb hisoblamaslik kerak. CHunki shaxs agar prezidentlikka saylanmoqchi bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shashi lozim va shundan keyin nomzod etib ro‘yxatga olinishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, shunga o‘xshash va boshqa bir qator cheklovli talablar boshqa demokratik mamlakatlar qonunchiligida ham mavjud.

Masalan, nomzod ikki fuqarolikka ega bo‘lmasligi va shu bilan boshqa davlat oldidagi siyosiy majburiyatlari bo‘lmasligi belgilanmoqda.

Ba’zi arab davlatlarida nomzodlarga kelib chiqishi ham shu davlatdan bo‘lishi, nomzodning ota-onasi ham shu yurtda tug‘ilgan bo‘lishi, turmush o‘rtog‘i ham shu davlat fuqarosi bo‘lishi, mamlakat hayotidagi u yoki bu muhim voqeada qatnashganligini hujjatlar bilan tasdiqlashi, ko‘char va ko‘chmas mol-mulki haqidagi deklaratsiyasini taqdim etishi,  fe’l-atvori yaxshi bo‘lishi, muayyan dinga e’tiqod qilishiga oid talablar belgilangan.

Mo‘g‘ulistonda prezidentlik saylovi paytida nomzodning katta qarzi bo‘lmasligi kerak, shu jumladan, kredit va soliq qarzlari daromadidan oshib ketmasligi kerak (sud qarori bilan belgilanadi).

Shu bilan birga, Ruminiyada konstitutsiya va saylov qonunchiligi prezident saylovida ishtirok etish uchun boshqa cheklovlarni ham belgilab qo‘ygan: siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lishi taqiqlangan shaxslar prezident saylovida ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

Bundan tashqari, Turkiyada davlat rahbari lavozimiga sudyalar, davlat xizmatchilari va qurolli kuchlar vakillari saylana olmaydilar.

Saylovda ishtirok etish uchun ular o‘z lavozimlarini tark etishlari lozim. Meksikada esa prezidentlikka nomzod saylovdan kamida 6 oy avval davlat kotibi yoki uning o‘rinbosari, bosh prokuror, gubernator sifatida faoliyat olib bormagan bo‘lishi kerak.

Muzaffar Hakimov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudi raisi

                                                                                  Asqar Qudratov

Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bo‘yicha bosh konsultanti