“Nikoh shartnomasining afzalliklari”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oilaning davlat va jamiyat muhofazasida ekanligi nazarda tutilgan bo‘lsa, oila a’zolarining shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari, nikoh shartnomasiga oid qoidalar Oila kodeksida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikassi Oila kodeksining VI-bobi er-xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibiga bag‘ishlangan. Nikoh shartnomasi nikohlanuvchi shaxslarning, ya’ni er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilovchi kelishuvdir. Endilikda qonuniy (rasmiy) mulk tartibi bilan birga mulkning shartnomaviy tartibiga ham o‘rin berildi. Bunda er-xotin o‘zlarining mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoki er-xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqli ekanligi belgilandi.

Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi.

Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Sud amaliyotiga murojaat etsak, da’vogar SH.Anvarova javobgar A.Odilovga (ismi va familiyalari o‘zgartirilgan) nisbatan 29 turdagi jami 15.407.000 so‘mlik mol-mulklarini olib berish haqida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan. 

Tumanlararo sudining 2019 yil 16 maydagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vo qisman qanoatlantirilgan.

Unga ko‘ra, da’vogar SH.Anvarovaning foydasiga javobgar A.Odilovdan 4 turdagi 1.180.000 so‘mlik mulklar olib berilgan.

Yuqoridagi fuqarolik ishidan ko‘rinishicha, taraflar o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilmagan, da’vogar tomonidan nizoli mulklar haqiqatda ham mavjudligi haqida dalillar taqdim etilmagan, sud tomonidan da’vo arizada ko‘rsatilgan mulklar bo‘yicha da’voni ta’minlash choralarini ko‘rgan bo‘lishiga qaramasdan javobgarning yashash uyida yuqoridagi mulklar to‘liq mavjud emasligi aniqlandi.

Nikoh shartnomasining afzalligi shundaki, u mulkiy munosabatlarni tartibga solish orqali oilani mustahkamlaydi, er-xotinni bir-biriga tegishli mulkdan to‘g‘ri foydalanishga va uni yaxshi saqlashga, mulkiy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishga undaydi. Darhaqiqat, sud orqali mulkni bo‘lishdek ko‘ngilsiz tortishuvlarni boshidan kechirganlar nikoh shartnomasini zarurligini tasdiqlamoqdalar.

Muxtasar qilib aytganda, nikoh shartnomasi to‘g‘risida huquqiy targ‘ibotning ko‘chaytirilishi, nikohlanuvchilarning nikoh shartnomalari qoidalari bilan tanishtirilishi kelgusida nikoh shartnomalarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Sherzod Eliev

Surxondaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi,

Asqar Qudratov

Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bo‘yicha bosh konsultanti