“Kredit va qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti”

 Ma’lumki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining va
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 22.12.2006 yilda “KREDIT SHARTNOMALARIDAN KELIB CHIQADIGAN MAJBURIYATLAR BAJARILISHINI TA’MINLASH TO‘G‘RISIDAGI FUQAROLIK QONUN HUJJATLARINI QO‘LLASHNING AYRIM MASALALARI HAQIDA” gi qarori qabul qilingan.

 Kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar ijrosini ta’minlash usuli hisoblangan kafillik, garov shartnomadagi va kafolatdagi taraflar hamda uchinchi shaxslar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi   «Garov to‘g‘risida»gi, «Garov reestri to‘g‘risida»gi, «Ipoteka to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bank yoki boshqa kredit tashkiloti (keyingi o‘rinlarda — kredit tashkiloti) va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasidan kelib chiqadigan huquqiy munosabat kredit tashkilotining keyinchalik, kelishilgan muddatlarda, kredit berish (kredit liniyasini ochish) majburiyatini va qarz oluvchining olingan kreditni qaytarish va u bo‘yicha foizlarni to‘lash majburiyatini o‘z ichiga oladi.

Bunda kredit tashkilotining qarz oluvchiga kredit summasini berish (hisobvaraqqa o‘tkazish) bo‘yicha real shartnomaviy majburiyatlari shartnoma tuzilgan paytdan boshlab, qarz oluvchining foizlarni to‘lash, kreditni qaytarish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlari esa, agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, kredit summasi real olingan paytdan boshlab vujudga keladi.

Shu munosabat bilan sudlar kredit tashkilotlari va qarz oluvchilarning taraflarni kredit shartnomasini bajarishga majburlash to‘g‘risidagi da’volarini ko‘rishda taraflarning tuzilgan ushbu shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlari vujudga kelgan paytni inobatga olishlari lozim.

Kredit shartnomasi sud tartibida taraflardan birining talabi bilan boshqa taraf tomonidan shartnoma shartlari jiddiy ravishda buzilganda yoki vaziyat jiddiy o‘zgarganda, shuningdek qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Yuqori foiz stavkalarini belgilash, kreditni qaytarish yoki foiz to‘lashni kechiktirganlik uchun jarima qo‘llash, kredit valyutasi kursining o‘zgarishi kredit o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishiga olib keladigan vaziyatning jiddiy o‘zgarishi deb hisoblanishi mumkin emas.

Sudlar kredit summalarini muddatidan oldin undirish to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risidagi talabning yo‘qligi kredit summasi va foizlarni muddatidan oldin undirish haqidagi talablarni qanoatlantirishni rad etish uchun asos hisoblanmasligini e’tiborga olishlari lozim.

Qarz oluvchilar (qarzdorlar)ning kreditlarni qaytarmaganlik uchun kredit tashkilotlari oldidagi javobgarligi doirasini aniqlashda sudlar qarz tarkibiga kreditning yoki uning bir qismining summasi, kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, kredit shartnomasida belgilangan hajmda boshqa to‘lovlar (komissiyalar) kirishidan kelib chiqishlari zarur.

Kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, kredit tashkiloti tomonidan qarz oluvchi (qarzdor) bankning pul mablag‘laridan amalda foydalangan butun davri uchun, hatto aktiv (kredit/qarz) o‘stirmaslik maqomiga o‘tkazilgan taqdirda ham, pul majburiyatlarini kechiktirish davrini qo‘shgan holda hisoblanishi mumkin.

Kredit mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi talablardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, garov, kafillik shartnomalari hamda kafolat, o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitimlardan tashqari, ularni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida tegishli da’volar mavjud bo‘lgan taqdirdagina haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Majburiyatning bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi kelishuvning haqiqiy emasligi asosiy majburiyatning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

Asosiy majburiyatning haqiqiy emasligi uning bajarilishini ta’minlaydigan majburiyatning haqiqiy emasligiga olib keladi.

FKning 114-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra qarz (kredit) shartnomasining haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llashda sudlar qarz mablag‘laridan foydalangan taraf kreditordan olgan mablag‘larini qaytarishi, shuningdek ulardan foydalangan hamma davri uchun FKning 327-moddasiga muvofiq foizlar to‘lashi lozim ekanligini hisobga olishlari kerak.

Kredit summalari va foizlarni qaytarish to‘g‘risidagi da’vo qanoatlantirilganda bir vaqtning o‘zida kredit shartnomasida nazarda tutilgan va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan neustoyka ham undirilishi mumkin, agar uni undirish talab qilingan bo‘lsa.

Kredit shartnomasida taraflar tomonidan kreditni qaytarishni kechiktirganlik (kredit majburiyatini buzganlik) uchun yuqori foiz turi sifatida belgilangan javobgarlik uzluksiz joriy sanksiya hisoblanadi.

Sudlar inobatga olishlari lozimki, kredit majburiyatlarining ijrosi kechiktirilgan davr uchun neustoyka (penya va jarima shaklida) yoki majburiyatlarning bajarilishini o‘z vaqtida ta’minlamaganlik uchun oshirilgan foizlar belgilanishidan farqli o‘laroq, kredit shartnomasida mazkur shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi muddati kredit tashkiloti tomonidan uzaytirilgan taqdirda kreditdan foydalanganlik uchun foiz ustamasining oshirilishi (ko‘paytirilishi) nazarda tutilishi mumkin.

Kredit shartnomasi bo‘yicha asosiy qarzni (yoki asosiy qarzning bir qismini) qaytarish muddati uzaytirilgan davrdagi bank foizlari ustamasining oshirilishi qarzdor tomonidan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun to‘lanadigan neustoyka yoki oshirilgan foizlar shaklidagi javobgarlik bo‘lmay, sudlar tomonidan unga kredit mablag‘laridan foydalanganlik uchun shartnomaviy to‘lov shakli sifatida qaralishi lozim.

Muqaddam kechiktirilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun (majburiyatlarning bajarilishi uzaytirilgan qismi ijrosi kechiktirilganligi uchun) javobgarlik choralari sudlar tomonidan kredit shartnomasida belgilangan shartlar bo‘yicha qo‘llaniladi. Agar kredit shartnomasida majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari ko‘rsatilmagan bo‘lsa, kredit tashkilotlari FKning 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq javobgarlik choralarini qo‘llashni talab qilishga haqlidir.

FKning 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar qonun hujjatlarida yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda FKning 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar to‘langan bo‘lishidan qat’i nazar, qarz qaytarib berilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan FKning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar to‘lanishi kerak.

Kredit shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi kredit tashkilotini kredit shartnomasini bekor qilish paytidan boshlab qaytarish kuniga qadar pul mablag‘laridan foydalanilgan butun davr uchun FKning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni olish huquqidan mahrum qilmaydi.

Agar shartnomada qarz to‘lovining kechiktirilganligi munosabati bilan foizlar miqdori oshirilishi belgilangan bo‘lsa, qarz mablag‘laridan foydalanganlik uchun to‘lov oshirilgan stavka miqdori FKning 327-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq shartnomada belgilangan boshqa foizlar miqdori deb hisoblanishi lozim.

FKning 736-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar fuqarolik-huquqiy javobgarlik chorasi hisoblanadi. Ko‘rsatilgan, qarz summasini qaytarishni kechiktirish munosabati bilan undiriladigan foizlar, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun qaytarish kuniga hisoblangan foizlarsiz ushbu summaga hisoblanadi.

Agar da’vogar tomonidan FKning 327-moddasiga asosan foizlarni undirish va aynan shu qonunbuzilishi uchun neustoyka undirish haqida talablar bildirilgan bo‘lsa, sud o‘z xohishiga ko‘ra fuqarolik-huquqiy javobgarlik choralaridan birini qo‘llashi va talabni yoki foizlar undirish qismi bo‘yicha, yoxud neustoyka undirish qismi bo‘yicha qanoatlantirishi mumkin.

Sudlar e’tiborga shuni olishlari lozimki, agar qarz shartnomasiga ko‘ra qarz beruvchi qarz oluvchidan foizlar olish huquqiga ega bo‘lsa, lekin shartnomada foizlar miqdori belgilanmagan bo‘lsa, foizlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qarz summasi berilgan kundan qaytarilgan kungacha bo‘lgan davrda belgilangan qayta moliyalash stavkasi miqdorlari bo‘yicha undirilishi kerak.

FKning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlar kredit mablag‘larining tegishli summasiga va shu mablag‘lardan foydalanganlik uchun foizlarga to‘lanadi.

Sudning boshqa shaxslarning pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlarni qarzdordan undirish to‘g‘risidagi qarori foizlar hisoblangan pul summasi, shuningdek tegishincha da’vo qo‘zg‘atilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab hisoblangan foizlar summasi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.

Kredit shartnomasi shartlarining kredit tashkiloti tomonidan buzilganligi munosabati bilan yuzaga kelgan zararni undirish yuzasidan qarz oluvchilarning da’volari bo‘yicha nizolarni ko‘rishda sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, majburiyatlar buzilishi oqibatlariga: da’vogar tomonidan olinmay qolgan mulk va pul mablag‘lari; ko‘rilgan zararlar (shu jumladan boy berilgan foyda); da’vogar amaldagi qonun hujjatlari va shartnomaga muvofiq umid qilishga haqli bo‘lgan boshqa mulkiy huquqlar kiritilishi mumkin. Da’vogar zararni undirish uchun majburiyatlarning buzilishi holatini, yo‘l qo‘yilgan buzilish va yuzaga kelgan zarar o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjudligini, shuningdek talab qilinayotgan zararlar (olinmay qolgan foyda) miqdorini isbotlashi kerak.

Sudlar zararni qoplashda majburiyatlarni bajarish imkonsizligi yoki bajarmaslik oqibatida etkazilgan zararlar miqdorining oshishida kreditor yoki qarz oluvchining aybi bor-yo‘qligini, ular tomonidan majburiyatlar bajarilmasligidan kelib chiqqan zararni kamaytirish choralari ko‘rilgan-ko‘rilmaganligini tekshirishlari lozim.

Qonun hujjatlarining mazmuniga ko‘ra, qonun bo‘yicha har qanday haqiqiy majburiyat garov bilan ta’minlanishi mumkin. Fuqarolik muomalasidan chiqarilmagan, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishiga yo‘l qo‘yiladigan har qanday mol-mulk (korxona, bino, inshoot, jihoz, boshqa ishlab chiqarish jamlamalari, qimmatbaho qog‘ozlar, pul mablag‘lari, mulkiy huquqlar va hokazo) garov narsasi bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, garov huquqi shartnoma bilan garovga qo‘yuvchining mulki (to‘la xo‘jalik yuritishi)ga kelgusida qo‘shiladigan mol-mulkiga ham tatbiq etilishi mumkin.

Qarzdorning o‘zi ham, uchinchi shaxs ham garovga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin.

Sudlar garovga qo‘yilgan mol-mulk hisobidan kreditni qaytarish va foizlarni to‘lash to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda kredit tashkiloti va garovga qo‘yuvchi o‘rtasida mustaqil garov shartnomasi shakliga ega yoki kredit shartnomasiga tarkibiy qism bo‘lib kirishi mumkin bo‘lgan yozma garov shartnomasi mavjudligini aniqlashlari kerak. Oxirgi holatda kredit shartnomasining tarkibidagi garov majburiyati FKning 271-moddasi va «Garov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasida belgilangan garovning zarur huquqiy shartlarini o‘z ichiga olishi lozim.

Kredit shartnomasining tarkibiga kiritilgan garov majburiyati, agar qonun hujjatlarida bunday shartnomalarni ro‘yxatga olish nazarda tutilgan bo‘lsa, tegishli mol-mulk garovi shartnomasini ro‘yxatga olish tartibi kabi ro‘yxatga olinishi kerak.

Mansur Abdurahmanov

Surxondaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi