«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishning muhim omili sifatida.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida belgilangan har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi amaldagi qonunlarda to‘liq yoritilgan. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashni muntazam takomillashtirib borish davlat organlarining, shu jumladan sudlarning bevosita muhim vazifalaridan biridir.

Mamlakatimizda sud-huquq islohotlarining jadal amalga oshirilishi amaldagi qonun hujjatlarini ham takomillashtirish vazifasini yuzaga keltirmoqda. Shu bois qonunchilik ijodkorligi bu borada alohida ahamiyatga egadir.

Respublikamizda 2014 yil 3 dekabr kuni «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Bugungi kungacha fuqarolar murojaati 2002 yil 13 dekabrda qabul qilingan “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri asosida tartibga solinar edi. Ammo ushbu qonunda yuridik shaxslarning murojaati borasida qoidalar belgilanmagan. Shuningdek, elektron murojaatlar ham nazarda tutilmagan edi.

Ushbu yangi qonunning qabul qilinishi fuqarolar va yuridik shaxslarning tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslarga yo‘llangan murojaatlarini qonuniy, adolatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu qonunning maqsadi – fuqarolarning davlat organlariga murojaat etishi tartibini yanada takomillashtirishdan, shuningdek, yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirishdan iborat.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va texnologiyalaridan foydalanib, murojaatlarni kiritish imkoniyatining huquqiy jihatdan mustahkamlanishi ushbu qonunning muhim jihatidir. Umuman olganda, ushbu hujjatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlari mavjud. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ushbu sohadagi ishini sifat jihatidan yuqori darajaga ko‘tarish imkonini beradi.

Shuningdek, ushbu qonunning amal qilishi inson va fuqarolarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyati hamda huquqiy tarbiyasini rivojlantirishning muhim omili sifatida xizmat qiladi.

Voxidjon Norbekov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining raisi

Asqar Qudratov

Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bo‘yicha bosh konsultanti