SUD-HUQUQ ISLOHOTLARINI RIVOJLANTIRISHDA JINOIY JAZO TIZIMINING O`RNI
Har qanday demokratik islohotlarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi, davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik prinsipining joriy qilinishi qonunda sodir etgan shaxslarga qanday jazo qo`llanishi kerakligi haqida aniq ta`rif bo`lishini talab etadi. Bunday shaxsga nisbatan davlat majburlovining har qanday chorasi emas, balki amaldagi jinoyat qonunida ko`zda tutilgan jazo qo`llanilishi lozim bo`ladi.
Jinoyat qonuni normalarini tatbiq etish nazariyasi va amaliyotda ijtimoiy xavfli qilmish uchun jazolar ro`yxati (jazo tizimi) ga katta ahamiyat beriladi. Shu bois jinoyat Kodeksining umumiy qismida shaxs kafolatlarini ta`minlovchi jazo tizimda nazarda tutilgan, chunki jinoyat qonunida ko`zda tutilgan muayyan jazolargina jinoyatchilikka qarshi kurashda tanlanishi hamda jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo`llanilishi mumkin.
Jazo tizimi jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan sud tomonidan tayinlanishi mumkin bo`lgan va og`irligiga qarab jinoyat qonunida tegishli tartibda belgilangan jazo turlarining batafsil ro`yxatidir. Yangi tizim avval amalda bo`lgan va “og`irroq jazodan uncha og`ir bo`lmagan jazoga o`tish” prinsipiga tayangan jazo tizimidan farqli o`laroq, «uncha og`ir bo`lmagan jazodan og`irroq jazoga o`tish» prinsipiga asoslandi.
Jamiyat va davlatda yuz bergan ijtimoiy siyosiy o`zgarishlar jazo tizimi, ularning joylashish tartibi, o`z ahamiyatini yo`qotganlarini bu tizimdan chiqarib tashlash yoki yangi jazo turini kiritilishiga ta`sir qilish mumkin.
Xuddi shunga o`xshash fikrni olim M.X.Rustamboyev ham bildirgan.
Davlatning jazo tizimi jinoyatchilikka qarshi kurash malakasiga, huquqshunoslik, psixologiya, pedagogika fanlarining ilmiy yutuqlariga asoslangan holda, jinoyat sodir etgan shaxslarning ahloqan tuzalishiga samarali ta`sir ko`rsatadi, shuningdek, mahkumlar va boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyat sodir etilishini oldini oladi.
1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan Jinoyat kodeksi 43-moddasida jazo turlari quyidagi tartibda bayon qilingan.
Jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi jazolar qo`llanilishi mumkin: 1) jarima; 2) muayyan huquqdan mahrum qilish; 3) ahloq tuzatish ishlari; 4) xizmat bo`yicha cheklash; 5) qamoq; 6) intizomiy qismga jo`natish; 7) ozodlikdan mahrum qilish; 8) o`lim jazosi.
Mahkumlarga asosiy jazolardan tashqari quyidagi jazolar ham qo`llanilishi mumkin: A) harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish; B) mol-mulkni musodara qilish. Xizmat bo`yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo`natish tariqasidagi jazolar faqat harbiy xizmatchilarga nisbatan qo`llaniladi.
Muayyan huquqdan mahrum qilish faqat asosiy jazo sifatidagina emas, balki qo`shimcha jazo tariqasida ham qo`llanilishi mumkin
Yuqorida nomlari ko`rsatilib o`tilgan jazolardan faqat bittasi, ya`ni mol-mulkni musodara qilish qo`shimcha jazosi 2001 yil 29 avgustda Jinoyat kodeksidan butkul chiqarib tashlandi.
Shuningdek, jinoyat kodeksida nazarda tutilgan o`lim jazosi 2005 yil 2 avgust kunidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus farmoniga ko`ra, 2008 yil 1 yanvardan boshlab, Jinoyat Kodeksidan chiqarib tashlash maqsad qilib qo`yildi.
B.M.Leontyevning fikriga ko`ra, «Asosiy jazo-faqat o`zi qo`llaniladigan, boshqa jazolarni to`ldirish uchun yoki ular bilan birga qo`llanishi mumkin bo`lmagan, jazoning asosiy maqsadini amalga oshirish bog`liq bo`lgan jazodir. Qo`shimcha jazo-bu jazoning maqsadini amalga oshirish uchun yordamchi ahamiyatga ega bo`lgan jazodir. Qo`shimcha jazo alohida qo`llanishi mumkin emas, u faqat asosiy jazoga qo`shimcha ravishda qo`llaniladi”.
M.X.Rustamboyev qo`shimcha jazolarga quyidagicha yondashgan, 1) alohida jazo chorasi sifatida qo`llanilishi mumkin emasligi; 2) asosiy jazoga qo`shib qo`llanilishi mumkinligi; 3) jazoning maqsadiga erishishiga ko`maklashadi.
G.A.Kriger va G.D.Krigerlarning yuridik adabiyotlarida asosiy jazoning funksiyasi-jinoyatchini to`g`ri yo`lga qaytarish, qo`shimcha jazoning funksiyasi esa qayta tarbiyalashdan iborat, deb hisoblaydilar.
Jazo tizimini umumiy va maxsus jazolarga bo`lib o`rganishni M.X.Rustamboyev tavsiya qilgan, bunga ko`ra, umumiy jazolar, bu jinoyat subyekti belgilariga ega bo`lgan har qanday shaxsga nisbatan qo`llanilishi mumkin bo`lgan jazo tizimidir. Maxsus jazo, qonunda qa`tiy belgilangan subyektlar doirasiga qo`llaniladigan jazo chorasidir. Masalan, intizomiy qismga jo`natish va harbiy unvondan mahrum qilish faqat harbiylarga nisbatan qo`llaniladi.
Muayyan muddat bilan bog`liq va muayyan muddat bilan bog`liq bo`lmagan jazolar qo`llanilayotgan jazoning xususiyatiga qarab ajratiladi. Muayyan muddat bilan bog`liq jazolarga sud tomonidan belgilanadigan, maksimal va minimal muddatlari ko`rsatilgan jazolar (OMQ, ATI, qamoq, muayyan huquqdan mahrum qilish) kiradi. Shunday jazolar ham borki, ularning ijrosi muayyan vaqt bilan bog`liq bo`lmaydi: jarima, harbiy yoki maxsus huquqdan mahrum qilish. Bundan tashqari, mahkumlarga nisbatan moddiy jafo keltiruvchi jazolar mavjud bo`lib, bunday jazolarga jarima jazosi misol bo`ladi.
Xulosa o`rnida shuni ta`kidlab o`tish joizki, har-bir jamiyat va davlatda yuz bergan ijtimoiy siyosiy o`zgarishlar natijasida jazo tizimi, ularning joylashish tartibi, o`z ahamiyatini yo`qotganlarini bu tizimdan chiqarib tashlash yoki yangi jazo turining kiritilishiga ta`sir qiladi. Aynan shu jarayon vaqtida yuqorida misol tariqasida keltirib o`tilgan xorijiy mamlakatlarining Jinoyat Kodeksidagi aynan jazo tizimi institutida orttirgan boy tajribalaridan ham nafaqat hozirda, balki kelajakda ham foydalanish foydadan xoli emas. Zero, hech bir demokratik davlat boshqa mamlakatlarning bu boradagi boy tajribalaridan foydalanmasdan o`z-o`zicha jinoyat qonunini takomillashtirib borishi mushkuldir, degan fikrdamiz.
Jamoliddin Ubaydullayev
Surxondaryo viloyat sudi sudya katta yordamchisi